Aslida
chin muhabbat bilan xushtorlik orasida qanday tafovutlar mavjud?
Shunchaki maylni sevgidan qanday farqlash mumkin? Farq shundaki, sevgi
kishi hayotiga asta-sekinlik bilan kirib keladi, xushtorlik esa juda tez
namoyon bo‘ladi. Sevgi xuddi gul kabi bo‘y cho‘zadi, buning uchun esa
vaqt kerak. Insonni bir necha marta uchratish bilan uni yaqindan bilib
olishning iloji yo‘q. Ustiga ustak ko‘p insonlar "niqob”da yuradi va bu
niqobning tagida nima borligini darrov anglash o‘ta mushkul. Bilingki,
insonni yaxshi bilish uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘ladi. "Bir
ko‘rishdayoq sevib qolish” iborasini eshitganmiz va ko‘pchilik bunga
ishonadi ham. Biroq bunday bo‘lishi mumkin emas. Hozirgina uchratgan
odamingizga nisbatan kuchli havas uyg‘onishi mumkindir, biroq bu havas
qanchalik kuchli bo‘lmasin, shunchaki yuzakilikdan boshqa narsa emas.
Buni tashqi ko‘rinishga qarab xushtor bo‘lish deya baholash mumkin,
xolos. Insonni haqiqatan sevish uchun katta yo‘lni bosib o‘tish kerak
bo‘ladi. Sevgining yurakdan o‘chib ketishi ham qiyin. Oshiqlik esa
bamisoli qushdek uchib ketadi. Modomiki, haqiqiy sevgining
mustahkamlanishi uchun vaqt kerak ekan, xushtorlik onlari uzoqqa bormay
barham topadi. Sevgi markazida hamisha bitta odam turadi,
xushtorlik esa aksincha. Deylik, bir qiz ikki yigitni yoqtirib qoldi:
biri ancha ulug‘vor, ishonchli va mas’uliyatni his qiladiganlardan.
Ikkinchisi esa sho‘x va bebosh, sayru sayohatni yaxshi ko‘radi. Qiz
ulardan qay birini tanlashni bilmay halak. Biroq haqiqiy sevgi bir
insonni tanlaydi, o‘zi uchun qadrli bo‘lgan barcha narsani o‘sha
insondan topadi va boshqasini qidirib o‘tirmaydi ham. Sevgi
yaratuvchanlik qobiliyatini ato etadi, xushtorlik esa borini ham yo‘qqa
chiqaradi. Sevgi sizning shaxsiyatingizdagi barcha yaxshi xislatlarni
ochib beradi. U sizga yangitdan kuch-quvvat bag‘ishlaydi, umr
yo‘lingizni belgilab beradi va hayotga qiziqishingizni orttiradi. U
ijodda va boshqa ishlaringizda yordam beradi. Sizning shaxsiy
taraqqiyotingizga ulush qo‘shadi. U sizning qadr-qimmatingizni tiklaydi,
o‘zingizga ishonch va yaqinlaringiz oldidagi burch hissini qaytadan
vujudga keltiradi. U sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Siz chin dildan
o‘qishga, rejali yashashga va arzimas narsalarga ahamiyat bermaslikka
o‘rganasiz.
Xushtorlik esa sevgiddan farqli o‘laroq buning
butunlay teskarisidir. U hayotingizga tartibsizlik olib keladi. Siz
oshiq bo‘lib qolasiz-u, muvaffaqiyatlaringiz va mehnatga layoqatingiz
kamaya boradi. Mavjud iqtidoringizni namoyon qilishga imkon qolmaydi.
Sizning yaqinlaringiz, oila a’zolaringiz ham buni payqagan holda: "Senga
nima bo‘ldi? Hech qaerga bormaysan, biror ishga qo‘l urishni
xohlamaysan, biror yering og‘riyaptimi?” deya xavotirga tushishadi. U
sizni osmonlarga olib chiqadi, siz ham hammasi yaxshi, u meni sevadi
deb, maktab, ish, o‘qish, pul, boshqa narsalar oldidagi mas’uliyatdan
o‘zingizni yiroq tutib yuraverasiz. Achinarlisi, u sizga hayotga panja
ortidan qarashni o‘rgatadi. Sevgi muammolarni birgalikda yengishga
undaydi, xushtorlik esa hamkorlikni inkor qiladi. Agar siz chindan
sevsangiz, sevgan insoningizning nafaqat tashqi ko‘rinishi va
xatti-harakatlari, balki uning fe’l-atvori, his-tuyg‘ulari, tutgan yo‘li
ham sizni qiziqtiradi va o‘ziga jalb etadi. Sevgilingizning omad va
muvaffaqiyatsizlikka, hayot qiyinchiliklari va favqulodda musibatlarga
munosabati qandayligini kuzatasiz. U saxiy, tarbiyali, jonkuyar insonmi?
Sizning dinga, ma’lumotga, oila, jinsiy va moliyaviy hayotga nisbatan
qarashlaringiz uniki bilan hamohangmi? Do‘stlar-chi? Ularga ham bir xil
munosabatdamisiz? Oqshom payti oila yoki do‘stlar davrasida suhbat
qurish, ko‘ngil yozish uchun sayrga chiqish unga ham ma’qulmi? U bilan
fikrlaringiz mukammal darajada uyg‘un bo‘lsagina, siz chin ma’nodagi
sevgiga erisha olasiz. Sevgi ma’naviy kamchiliklarni e’tiborga
oladi, xushtorlik esa ulardan ko‘z yumadi. Sevgi insondagi eng go‘zal
xislatlarni namoyon qiladi. Inson sevgilisining kamchiliklarini
ko‘ribgina qolmay, ularni bartaraf qilishga harakat qiladi. Xushtorlik
esa insondagi yomon illatlarga nazar solishga umuman yo‘l qo‘ymaydi. Siz
uni har qanday tanqiddan himoya qilasiz. Xushtorlik sizni o‘zingiz
o‘ylagandan-da ko‘proq savdoyi qilib qo‘yadi. Uning chiroyi, ko‘rkam
qaddi-qomati va shirinso‘zligi barcha kamchiliklari (masalan,
qo‘polligi, yuzsizligi, yalqovligi)dan ko‘z yumishingizga undaydi. Sevgi
esa butunlay o‘zgacha: u bo‘yning pastligi, quloq yoki burunning
kattaligiga emas, ichki dunyo go‘zalligiga qarab baho beradi. Sevgi
uchun ayriliqning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Xushtorlik uchun esa bu
dahshat. Ayriliqda sevgi, hatto mustahkamlanadi. Sevgilingiz sizdan
uzoqda ekanida uning qanchalar kerakligini tushunasiz. Xushtorlik esa
aynan mana shu sinovga dosh berolmaydi, ayriliq uni "o‘ldiradi”. Chunki
xushtorlik jismoniy yaqinlikdagina yashaydi, xolos, vaqt sinovidan esa
o‘tolmaydi. Sevgida jismoniy yaqinlikka nisbatan juda ehtiyotkorlik
bilan munosabatda bo‘linadi. Xushtorlik uchun bu narsa suv va havodek
zarur. Haqiqiy sevishganlar jismoniy yaqinlikka zo‘r berib
intilmaydilar. Eng avvalo ular bir-birini hurmat qilish, qadrlashni
o‘rganadi. Yaqinlik esa nikohdan so‘ng o‘z-o‘zidan amalga oshaveradi.
Sevgi beg‘araz va xolis, xushtorlik esa xudbin. Sevgi faqatgina
his-tuyg‘ular bilan chegaralanib qolmaydi, siz unga hamisha e’tibor
bilan qaraysiz, uning uchun qandaydir darajada yaxshiliklar qilishni
istaysiz va bu bilan uni sevishingizni amalda isbotlaysiz. Chindan
sevgan inson sizning muhtojligingizni sezmay qolmaydi, hattoki boshiga
kulfat tushganida ham biror iltimosingizni yodidan chiqarmaydi.
Xushtorlar esa mehrni o‘zlaridan emas, hamisha sheriklaridan talab
qilishadi. Uni sevishlarini, ardoqlashdan charchamasliklarini
istaydilar. Chin sevgi oila va do‘stlarga ham manzur bo‘ladi.
Xushtorlik esa faqatgina qarama-qarshiliklarga sababchidir. Agar siz
kimnidir chin dildan sevsangiz, sizning oilangiz, do‘stlaringiz
munosabatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular sizning sevgan odamingizga
qanchalar munosib ekaningizni aytishadi. Ota-ona va do‘stlar rizoligi
odatda, sevgining haqiqiyligidan darak beradi. Mabodo, ota-onangiz yoki
do‘stlaringiz sizning munosabatlaringizni ma’qullamasa, hushyor
bo‘lavering! Axir sizning kelajakdagi baxtli hayotingizni o‘ylagan odam
hech qachon sizga yomon maslahat bermaydi, aksincha ular sizni kulfatdan
himoyalashga urinadi. Qolaversa, statistik ma’lumotlarga qaraganda,
ota-onalar qarshiligiga qaramay qurilgan oilalarning ko‘pi uzoqqa bormay
ajralishgan. Sevgida ishonch ustun, xushtorlik esa shubha
tug‘diradi. Rashk tuyg‘usi hammada ham bor, lekin haqiqiy muhabbatga
oshno qalb egasi puxta o‘ylab ko‘rgach, oxir-oqibat sevgilisiga
ishonchni his qiladi. Xushtorlik esa huda-behudaga rashk qilish,
zaiflikni o‘zida namoyon qiladi. Shubha o‘z sherigini zanjirga solib
qo‘yadi va xohlagan paytda uning tizginidan tortishni ma’qul biladi. Bu
esa xudbinlikdan boshqa narsa emas. Sevgi haqiqiy hayotni
o‘rgatadi. Unda siz muammolarga ochiq ko‘z bilan qaraysiz, ularning
ahamiyatini pasaytirishga urinmaysiz. Yigit va qiz bor kuchi bilan oliy
o‘quv yurtini tamomlashga harakat qilmoqda. Nega? Chunki ular o‘qishni
bitirib, so‘ng turmush qursa, ularning sevgisi, xususan, oilasi yanada
mustahkam bo‘lishini biladi. Haqiqiy sevgan insonlar muammolardan
o‘zini olib qochmaydi. Balki birgalikda uning yechimini topishga
urinadi. Agar ularning munosabatiga nimadir xavf solsa, buni
ochiqchasiga muhokama qilib, aqlli xulosaga kelishadi. Xushtorlarni esa
vaziyat umuman qiziqtirmaydi. Deylik, oilali odam yosh bir qizga oshiq
bo‘ladi, qiz ham uni yoqtirib qolgan. Oilasining buzilib ketishi bilan
esa uning umuman ishi yo‘q. Hech tortinmay ular birga yuraverishadi...
Endi ham ayting-chi, haqiqiy mehr-muhabbatning oshiqu beqarorlikdan
farqi bor ekanmi? Shunday bo‘lgach, "Usiz menga hayot yo‘q. Men uni
sevaman”, deb hamma narsadan ko‘z yumishdan avval tanamizga bir o‘ylab
ko‘raylik. Boshimizdan kechayotgan bu his-tuyg‘ular o‘tkinchi emasmikan?
Biz "sevyapman” deb, avji bilim olish, hayotda o‘z o‘rnimizni topish
pallasida vaqtni behudaga sarf etmayapmizmi? Nima bo‘lganda ham sevgi
bizga yo‘qotishlar emas, yangicha kuch, intilish va g‘ayrat olib kelsin.
|